RAQAMLI INSON HUQUQLARI KONTEKSTIDA BOLALAR HUQUQLARINING HIMOYASI: XALQARO VA MILLIY HUQUQIY YONDASHUVLAR
Keywords:
Bola huquqlari, onlayn xavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, algoritmik diskriminatsiya, sun’iy intellekt; raqamli savodxonlik, kiberxavfsizlik, Avstraliya bola huquqlari; Avstraliyaning raqamli xavfsizlik siyosati;Abstract
Raqamli texnologiyalar sohasidagi jadal taraqqiyot inson huquqlarining raqamli platformalarda yangi shakllarda namoyon bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu jarayon ayniqsa bolalar huquqlarini himoya qilishda murakkab va har tomonlama (yoki uyg‘un) yondashuvlarni talab qiladi. An’anaviy yuridik tamoyillar, xususan, bola shaxsining daxlsizligi, axborot erkinligi, ta’lim olish huquqi va xavfsizlik kafolatlari raqamli muhitda yangi xavf-xatarlar, cheklovlar va tahdidlarga duch kelmoqda. Bola yoshidagi foydalanuvchilarning internet, mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa raqamli platformalardagi faol ishtiroki ularning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, onlayn xavfsizlikni ta’minlash, raqamli savodxonlik va psixologik barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, raqamli kuzatuv tizimlari, shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy yig‘ilishi, yoshga mos bo‘lmagan kontentga erkin kirish, sun’iy intellekt asosida ishlovchi algoritmik tizimlar orqali maqsadli reklama va manipulyatsiyalar kabi omillar bolalar huquqlarining muntazam buzilishiga olib kelmoqda. Har bir bola tug‘ilgan paytdan boshlab inson va fuqaro sifatida muayyan huquq va erkinliklarga ega bo‘ladi. Bu huquqlar davlat tomonidan tan olinadi, qonuniy kafolatlanadi hamda himoya qilinadi.
