MAVZU: IQLIM O‘ZGARISHIGA MOSLASHISH BO‘YICHA EKOLOGIK-HUQUQIY HUJJATLARNI TAKOMILLASHTIRISH
Abstract
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi dunyo bo‘ylab insoniyat farovonligi va atrof-muhit barqarorligiga tahdid solayotgan eng muhim global ekologik muammolardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Iqlim tizimidagi keskin o‘zgarishlar atmosferaga zararli gazlarning ortiqcha chiqarilishi, sanoat ishlab chiqarishining jadallashuvi, transport vositalari sonining keskin ko‘payishi, shuningdek, o‘rmonlar va yashil maydonlarning qisqarishi natijasida yuzaga kelmoqda. Bu jarayon, o‘z navbatida, Yer yuzida haroratning oshishi, qurg‘oqchilik, toshqinlar, kuchli shamollar, issiqlik to‘lqinlari va boshqa ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishiga sabab bo‘layotir.1 Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari inson salomatligi, suv resurslaridan foydalanish imkoniyatlari, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi va iqtisodiy taraqqiyot jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.